Respublikamiz ta’lim-tarbiya tizimining
bugungi kundagi asosiy vazifasi o‘sib kelayotgan yosh avlod, o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini,
mantiqiy fikrlay olish qobiliyatini, aqliy rivojlanishini, o‘z-o‘zini anglash
salohiyatini shakllantirish va o‘stirish, ularda milliy va umuminsoniy
qadriyatlarni tarkib toptirish, ma’naviy barkamol inson bo‘lib yetishishlari,
jamiyatda o‘z munosib o‘rnini egallashga qodir bo‘lgan, komillikka intiladigan barkamol avlodni voyaga
yetkazishda tabiiy fanlarning (fizika, kimyo, biologiya) o‘rni beqiyosdir.
Hozirgi
kunda ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarining, axborot
kommunikatsiya texnologiyalarining tez sur’atlarda jadallik bilan rivojlanishi
ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yuqori bosqichga
ko‘tarishni talab etadi.
Umumta’lim maktablarida bir necha yillardan buyon har bir o‘quv predmeti bo‘yicha fan oyliklari
o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, mart oyida
kimyo, biologiya, fizika fanlari oyligi o‘tkaziladi.
Kimyo, biologiya,
fizika fan oyligini o‘tkazishdan maqsad:
· fan
oyligi davomida o‘quv-tarbiya jarayoniga
ijobiy ta’sir etuvchi tadbirlar
o‘tkazish;
· o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan
intilishlarini har tomonlama rivojlantirish:
· fizika, kimyo, biologiya fanlari
eksperimental fan bo‘lganligi sababli, nazariy olgan bilimlarini amaliyotda
qo‘llash ko‘nikma va malakalarini hosil qilish hamda dars jarayonida o‘quv-laboratoriya
jihozlaridan, ko‘rgazmali tajribalardan unumli
foydalanish;
· mazkur fanlar o‘qitilishida
o‘quvchilarning tafakkurini ko‘chaytirish maqsadida to‘garak mashg‘ulotlarida
masalalar yechish texnologiyalariga e’tiborni
qaratish;
· o‘quvchilarni ushbu fanlardan mustaqil
va ijodiy fikrlashga, tabiiy fanlarning
turmush va texnikadagi ahamiyatini bilishga va xalq xo‘jaligida ulardan
qo‘llanishi haqida tushunchalar berish
va o‘rgatish;
· dars jarayonida axborot kommunakitsion
texnologiyalardan foydalanish orqali iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashni
yanada takomillashtirish;
· o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha bilim,
ko‘nikma va malakalarida bo‘shliqlarni
aniqlash va ularni bartaraf etish
yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
· fan oyligi davomida tajriba almashish
maqsadida, ta’lim-tarbiyada yaxshi samara berayotgan, olib borilayotgan ishlar, ilg‘or ish
tajribalar yuzasidan materiallarini ta’lim portallariga joylashtirib borish
maqsadga muvofiq.
Kimyo,
biologiya, fizika fan oyligini tashkil etish va o‘tkazishda quyidagilarga e’tibor qaratish tavsiya
etiladi:
1- yo‘nalish "Fan
oyligi”ning ochilishi
Umumta’lim
maktablarida kimyo, biologiya,
fizika fanlari oyligini o‘tkazish
yuzasidan chora - tadbirlar rejasini ishlab chiqish.
- Maktabda mazkur predmetlarga doir devoriy
gazetalar chiqarilishi, ularda shu fanlar bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar,
internet sahifalaridan olingan fan yangiliklari haqidagi materiallarni berish
maqsadga muvofiqdir.
- DTS va o‘quv dasturlari asosida o‘quvchilarning mazkur fanlardan
egallashlari lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalari monitoringi
aniqlanadi.
- Maktablarda o‘tkazilgan "Bilimlar
bellashuvi” natijalari tahlillari
asosida o‘quvchilar bilimida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish yuzasidan
chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
2- yo‘nalish "Ochiq
darslar”ni tashkil etish
-
"Ochiq darslar”ni tashkil etishda
o‘qituvchilar sinflar kesimida aniq belgilangan mazular bo‘yicha
mashg‘ulotlarni olib borish yuzasidan dars jadvalini belgilash;
- Kimyo, biologiya, fizika fanlari bo‘yicha
ochiq darslarni o‘tkazishda axborot kommunikatsion hamda ilg‘or pedagogik
texnologiyalardan foydalanib, mashg‘ulotlarni
tashkil etish;
- kimyo, biologiya, fizika fanlaridan yaratilgan elektron darslik va
vertual laboratoriya qo‘llanmalaridan
dars jarayonida samarali foydalanish
usullarini namoyish eta bilish;
- ilg‘or pedagogik texnologiyalar singdirilgan
dars ishlanmalari tayyorlash va metodik
birlashmalarda muhokama qilinib,ulardan eng yaxshi dars ishlanmalarini "Zeyonet” axborot portaliga joylashtirish;
- maktab rahbariyati tomonidan ilg‘or ish
tajribalarni o‘rganish va
ommalashtirish hamda fan oyligi doirasida maqolalarni ommaviy axborot vositalari orqali
chop ettirishga erishish.
3- yo‘nalish "Sinfdan
tashqari ishlar”ni tashkil etish
- Fan oyligi davomida biologiya fani bo‘yicha
"Qushlar bizning do‘stimiz”, "O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan
o‘simliklar”, "Gullar bayrami”, kimyo fani bo‘yicha "Kimyoviy elementlar
so‘zlaydi”, "Xalq xo‘jaligida kimyo”, "Qiziqarli kimyo”, fizika fani bo‘yicha
"Fiziklar liriklar”, "Qiziqarli fizika”, "Bilimdonlik cho‘qqisi”, " Fizikada
olam mujassam” kabi fan kechalari, qiziqarli bahs-munozaralar tadbirlarini, tematik albomlar tanlovlarini
o‘tkazishda xorijiy (ingliz, fransuz, nemis) tillardan foydalanilgan holda
tayyorlash va o‘tkazishga erishish;
- Mahalliy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda
shahar, viloyat markazlaridagi universitet, institut fakultetlarining
professorlari, olimlar, darslik mualliflari, ustoz–shogird yo‘nalishidagi
"Ustoz” o‘qituvchilar bilan mazkur fanlarga qiziquvchi o‘quvchilar
uchrashuvlarini tashkil etish;
- Maktabda o‘quvchilarning o‘quv-laboratoriya
jihozlaridan samarali foydalanishini tashkil etish maqsadida fan to‘garaklarida
qo‘shimcha mashg‘ulotlar (amaliy, laboratoriya, ko‘rgazmali namoyishlar)
o‘tkazish;
- O‘quvchilarning ijodiy ishlari (krosvordlar,
referatlar, bukletlar, qo‘lda yasalgan jihozlar) yuzasidan tanlovlar o‘tkazish;
- Fan oyligi davomida kimyo, biologiya, fizika
fan yo‘nalishlaridagi oliy o‘quv
yurtlariga, kasb-hunar kollejlariga, akademik litseylarga, ishlab chiqarish
korxonalariga ekskursiyalar tashkil etish;
- Resurs markazlarida ochiq darslar, fanlarga
oid kitob ko‘rgazmalari tashkil etish;
- Kimyo, biologiya, fizika fanlaridan
o‘quv-laboratoriya jihozlaridan samarali foydalanish, (amaliy, laboratoriya, ko‘rgazmali namoyishlar) o‘qituvchilarga metodik yordam
berish uchun tumanlarda tashkil
etilgan tayanch maktablar qoshida seminarlar
tashkil etish maqsadga muvofiq.
Fan oyligini
yakunlash
Kimyo, biologiya, fizika fan oyligi yakuniga bag‘ishlangan festival o‘tkaziladi.
Ushbu tadbir maktab rahbariyati o‘qituvchilar jamoasini yoshlarga bilim
berishdagi qilgan mehnatlarining sarhisobini, ulardagi ijodiy qobiliyatlarini
rivojlantirish borasida qilingan ishlarni qadrlash va baholash maqsadida
tashkil qilinadi:
- DTS va o‘quv dasturlari asosida o‘qituvchi
va o‘quvchilarning ijodiy hamkorligini targ‘ib etish;
- Festivalda
o‘qituvchi va o‘quvchilar iqtidori, qobiliyatini hamda mahoratini ko‘rsatish;
- Fan oyligi
davomida maktabda o‘tkazilgan
turli tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda faol qatnashgan fan
o‘qituvchilari va o‘quvchilarni
taqdirlash.
Fan oyliklar tom ma’noda har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha jamiyatga, fan sohasiga
berayotgan foydasini ko‘rsata olish, har bir yo‘nalishdagi o‘qituvchilar
ommasini jipslashtirish, fanlararo bog‘liklikni ta’minlash hamda ta’lim
mazmunining yuqori samaradorligini
oshirishdek ulkan vazifani ado etishga undaydi.
Maktablarda o‘tkazilgan fan oyliklari
yuzasidan tayyorlangan hisobotlar to‘planib, maktab metodbirlashmalarida
saqlanadi.
Manba:Respublika ta’lim markazi |