NAVRO‘Z (forscha — yangi kun) — shamsiya (quyosh) yil hisobida yilning birinchi kuni. O‘rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy an’anaviy bayrami. Navro‘z dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami ham hisoblanadi. Unda ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi ungan ko‘katlardan tansiq taomlar pishirilgan, ba’zi ekinlarni ekish boshlangan.
Dastlab, Navro‘z bayramini o’tkazish o‘troq dehqonlarda rasm bo‘lgan, keyinchalik ular orqali yarim o‘troq va ko‘chmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Asrlar o‘tishi bilan turli xalqlarda Navro‘z bayramini o‘tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan.
Qadimda pahlaviy kitoblardagi ma’lumotlarga asoslanib, Abulqosim Firdavsiy o‘zining «Shohnoma» asarida Navro‘z bayramining paydo bo‘lishini afsonaviy shoh Jamshid nomi bilan bog‘laydi. Navro‘z bayrami haqidagi ma’lumotlar Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug‘otit-turk», Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Umar Hayyomning «Navro‘znoma» asarlarida uchraydi. O‘rta Osiyo hududida Navro‘z bayrami nishonlanganligi to‘g‘risida boshqa manba’larda ham ma’lumotlar juda ko‘p. Hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar ham bu kunni yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan kutib olganlar.
Bug‘doyni undirishga qo‘yilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan, ko‘k chuchvara, yalpizli somsa kabi taomlar pishirilgan, otchopar, uloq va kurash singari xalq o‘yinlari, sayillar o‘tkazilgan, bahor haqida qo‘shiqlar kuylangan. Navro‘zning birinchi kuni qishloq joylarda bolalar to‘p-to‘p bo‘lib xonadonlar eshigi oldida ayyomga bag‘ishlangan qo‘shiqlar aytishgan. Xonadon egasi ularni sovg‘a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bolalar yeguliklarning bir qismini qishloqdagi beva-bechoralarga ulashishgan. Bu udum hozirgi kunda ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlanib qolgan. Navro‘z yangi yil bayramigina bo‘lib qolmay, mehnat bayrami ham hisoblangan.
Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, O‘rta Osiyoda ham Navro‘z bayrami islom dini qabul qilinmasdan ancha yillar avval rasm bo‘lgan. Lekin sobiq sho‘ro tuzumi davrida (20 asr 80-yillar o‘rtalaridan) asossiz ravishda Navro‘z diniy bayram va marosimlar qatorida man qilindi.
O‘zbekiston va O‘rta Osiyodagi boshqa mamlakatlar mustaqillikka erishgach, boshqa qadriyatlar qatorida Navro‘z bayrami yana tiklandi.
Hozirgi kunda Navro‘z tantanalari Yurtimizning umumxalq bayramlaridan biri sifatida har yili yuqori saviyada nishonlanadi. 21 mart dam olish kuni deb e’lon qilingan. Har yili shu kuni respublikamizning barcha viloyatlaridagi xiyobon va maydonlarda bayram sayillari tashkil qilinadi, konsertlar beriladi. Bir necha kun mobaynida mahallalarda Navro‘zga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi, sumalak, halim va boshqa tansiq taomlar pishiriladi. Navro‘z kunlari hokimliklar, mahallalarning faollari, xayr-ehson tashkilotlari - mehribonlik uylari bolalari, urush va mehnat faxriylariga sovg‘a -salomlar ulashadilar.