«Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”. Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asaridagi bu hikmatli so‘zni takror va takror o‘qir ekanman, bu sharafli so‘zlar menga tuganmas kuch baxsh etayotganini his etaman. Salkam yarim asrlik pedagogik faoliyatim davomida minglab yoshlarga imkonim qadar ilm berishga harakat qilgan bo‘lsam-da, hali ham zimmamdagi mas’uliyat meni tinimsiz izlanish va zamon bilan hamnafas yashashga undaydi. Millatning ertangi kuniga egalik qiluvchi vorislarning nechog‘li kamol topishlari, murg‘ak qalblarga ziyo nurini olib kiradigan biz muallimlarga bog‘liq ekan, bu kasbning mas’uliyati va sharafi haqida yana ne deyish darkor?! Istiqlolimizning 20 yillik to‘yiga ulkan muvaffaqiyatlar bilan hozirlik ko‘rilayotgan ayni damlarda ortga nazar tashlab, o‘tgan yillar mobaynida ta’lim sohasidagi ulkan islohotlar, mislsiz o‘zgarishlarning guvohi bo‘lamiz. Zamonaning zaylini qarang: bugun xoh shahar markazi, xoh chekka bir qishloq bo‘lsin, unda jahon andozalari darajasida qad rostlagan maktablar, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv xonalarida ta’lim olayotgan bolalarni ko‘rib bahri-dilingiz ochiladi. Yorug‘ va ozoda sinfxonalardagi kompyuter oldida o‘tirib, internet tarmog‘i orqali dunyo bilan tillashayotgan yoshlarni ko‘rib bu kunlarga shukronalar aytgingiz keladi. Istiqlol tufayli farzandlarimizning hech kimdan, hech qachon kam emasligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. To‘g‘ri-da, axir ajdodlari dunyoni lol qoldirgan buyuk allomalaru, olimu fuzalolari bo‘lgan buyuk xalqning tomiri baquvvat ekanligi har qadamda o‘z isbotini topmayaptimi?! Ta’lim yo‘nalishimi, sport sohasimi, qisqa fursat ichida dunyoga yuz tutgan mustaqil yurtimiz bayrog‘ining baland ko‘tarilishida aqlan yetuk va barkamol, jismonan baquvvat o‘g‘il-qizlarimizning qo‘shayotgan salmoqli hissalari meni behad quvontiradi. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan yurtimizning yoshlari ham shunga monand. Bu yil bizning maktabimiz jahon andozalari darajasida butunlay yangidan bunyod etildi. Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yangi maktabimiz mahallamizning chinakam faxriga aylandi. Har kuni mahalla oqsoqollari, o‘quvchilar, ota-onalar bir bor bo‘lsa-da kelib, «Bizdan biror yordam kerakmi?», deya so‘rashganda, ich-ichingdan quvonasan kishi. Maktab ishi el ishiga aylangani shu emasmi, axir!? Tunov kuni 9-sinf bitiruvchilarimiz kelibdi. «Hammamiz bir maslahat bilan yig‘ilib keldik. Qurilishda ustalarga yordam bermoqchimiz», deyishdi. «Sizlar endi maktabni bitirdinglar-ku», dedim hazillashib. Ularning javobi esa barchamizni to‘lqinlantirib yubordi. «Bizdan keyin bu shinam maktabda ukalarmiz o‘qishadi. Qolaversa, maktabimiz va ustozlarimizdan bir umr qarzdormiz». Bu mustaqillik tuyg‘usi bilan sug‘orilgan bugungi kun yoshlarining bunyodkorlik shijoati edi. Bugungi o‘quvchidagi ilm olishga bo‘lgan ishtiyoq, o‘qituvchidan ta’limning yangi metodlarini yaratish va yoshlarga ta’lim-tarbiya berishning ilg‘or usullaridan samarali foydalanishni taqozo etadi. Faoliyatim davomidagi o‘tmishga nazar tashlab, kechagi kun bilan bugunning ta’lim tizimi o‘rtasidagi farqni yaqqol sezaman. Yangilikka o‘ch, tirishqoq va izlanuvchan pedagoglar avvallardagidek faqatgina ma’lum bir belgilab berilgan chegara bilan emas, balki hozirda sohada keng qo‘llanila boshlagan va qisqa vaqt ichida samara berayotgan interfaol usullardan foydalanib mashg‘ulotlar olib boryaptilar. Ayniqsa, yoshlarning qiziqish va istaklarini hisobga olib ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas. Bu esa o‘quvchilarning shu dars soatlarini o‘zlashtiribgina qolmay, kelajakda shaxs sifatida kamol topishlarida ham muhim o‘rin tutadi. Bir necha yillik pedagogik tajribamdan kelib chiqsam, biz ta’lim olgan va so‘ngra ta’lim bergan zamonlarning hikoyasi qayoqdayu, hozirgi dorilomon kunlar qayoqda? Mening nazarimda, buning shukronasini o‘qituvchilik — sharaf, millatning va Vatanning asl bunyodkoridir, degan e’tiqodni qalbimizga jo etish orqaligina ado etishimiz mumkin. Ana shunday o‘z kasbining ustalari safimizda qanchalar ko‘paysa, ertangi kunimizdan shunchalar ko‘nglimiz to‘q bo‘ladi.
manba: Ma'rifat gazetasi. |