O‘quv maqsadlari ta’lim jarayoni oxirida kutilayotgan natijaning yozma tavsifidan iborat. Ma’lumki, ta’lim jarayonida ikki tomon: ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchi ishtirok etadi. Ta’lim oluvchilar bu o‘rganuvchi o‘quvchi, talaba yoki tinglovchilardir. Ta’lim beruvchilar esa o‘rgatuvchi, o‘qituvchilar yoki ustalardir. O‘quv maqsadlari ta’lim jarayoni ishtirokchilarining qaysi biri tomonidan qaralishiga qarab, o‘rganish va o‘rgatish maqsadlariga ajratiladi. An’anaviy ta’limda odatda o‘quv maqsadlari pedagog faoliyati orqali ifodalanadi. Masalan: «O‘quvchilarga qo‘lda suvoq qilish usullarini o‘rgatish». Bunda pedagog tomonidan maqsadning qo‘yilishi uning o‘z faoliyatiga qaratilgan bo‘lib, bu bilan ta’lim jarayonining aniq maqsadlariga erishganligini aniqlab bo‘lmaydi. Chunki, ta’lim jarayonining natijasi, ta’lim beruvchi ya’ni o‘rgatuvchining nimaga erishgani bilan emas, balki ta’lim oluvchi ya’ni o‘rganuvchining nimaga erishgani bilan o‘lchanadi, Shuning uchun, kelgusida o‘quv maqsadlari deganda o‘rganish maqsadlarini ya’ni o‘rganuvchi faoliyatiga yo‘naltirilgan maqsadlarni tushunumiz.
O‘quv maqsadlari (ular ba’zida o‘quv vazifalari deb ham ataladi) o‘quvchilar hatti-harakatida aniq ifodalanadigan va o‘lchanadigan natijalar orqali belgilanadi. O‘quv maqsadlariga erishganlikni aniqlash va o‘lchash uchun uning mezonlarini bilish lozim. O‘quv maqsadi shunday qo‘yilishi lozimki, unga erishganlikni ko‘rsatuchi mezonlar orqali aniq xulosa chiqarish va o‘lchash mumkin bo‘lsin.
O‘quv maqsadlari, muayyan ta’lim jarayoni yakunida ta’lim oluvchi tomonidan o‘zlashtirilishi
va yangi hosil qilininishi lozim bo‘lgan bilim malaka va ko‘nikmalar hamda hulq tavsifidir.
Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, o‘quv maqsadlari oldindan ko‘zlangan yakuniy natijalar tavsifidir. Uni to‘g‘ri tanlash ta’lim jarayoni uchun o‘ta muhimdir. Buni quyidagi ibora yordamida yaxshiroq tushunsa bo‘ladi: ,,qayerga borishni, oxirgi manzilni bilmasdan turib safarga otlanishdan hech qanday ma’no va naf yo‘q».
Nazariy dars va amaliy mashg‘ulot aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘quv jarayonlaridir. Har qanday dars, oldindan belgilangan muayyan o‘quv natijalariga erishish maqsadida olib boriladi. Agar darsning maqsadlari aniqlanmasdan o‘tkazilsa, u holda uning mazmuni va didaktik tuzilishi u yoki bu darajada tasodifga bog‘liq bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida «aravani quruq olib qochishga» olib keladi. Nazariy dars va amaliy mashg‘ulotlarning maqsadlari aniq bo‘lgan taqdirdagina, ularning mazmunini belgilash va ularni didaktik nuqtai nazardan ishlab chiqishga kirishish mumkin. Shu bois, har bir o‘qituvchi, amaliyot va ishlab chiqarish ustalari uchun o‘quv maqsadlarini bilish, to‘g‘ri qo‘ya olish va tanlash ko‘nikmalariga ega bo‘lish - ta’lim jarayonida juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir nazariy dars va amaliy mashg‘ulotning o‘quv maqsadlari oldindan aniqlanishi lozim. Aniqlangan o‘quv maqsadlari, dars mazmuni bo‘yicha qaysi nazariy materiallarni tanlash, uni utkazish bo‘yicha qanday metodik va didaktik resurslardan foydalanish lozimligini belgilab beradi. Shunday qilib, har qanday ta’lim jarayonida o‘quv maqsadlari ta’lim mazmuni, metodlari va vositalarini belgilar ekan.
Yo‘naltiruvchi, umumiy va aniq maqsadlar.
O‘quv maqsadlari ta’lim jarayonining ko‘lamiga ko‘ra turlicha tarzda ifodalanishi mumkin. O‘quv maqsadlari, pastdan yuqoriga qarab:
-
alohida olingan bitta darsning maqsadi,
-
fanning biror bo‘limini o‘rganishning o‘quv maqsadlari,
-
butun bir fanni o‘rganishning o‘quv maqsadlari,
-
biror bir fanlar modulini o‘rganishdan ko‘zlangan o‘quv maqsadlari,
-
jarayonining muayyan bosqichi maqsadlari
-
butun bir mutaxassislikni egallash bo‘yicha o‘quv maqsadlariga bo‘linadi.
Kichik ko‘lamda (alohida dars, fanning bir bo‘limi uchun) maqsadlar aniq-aniq qilib qo‘yilsa, ko‘lam kattalashgan sari (modulni o‘rganish, mutaxassislikni egalash uchun) o‘quv maqsadlari umumlashtirib boriladi. O‘quv maqsadlari qamrov ko‘lamiga qarab uch xil turga ajratiladi.
YO'NALTIRUVCHI MAQADLAR. Yo‘naltiruvchi maqsadlar eng katta ko‘lamdagi ta’lim jarayonining maqsadlarini belgilaydi. Masalan, ta’lim jarayonining muayyan boso‘ichi (boshlang‘ich ta’lim, o‘rta umumiy ta’lim bosqichi) yakunida qo‘yiladigan yoki biror mutaxassislikni egallash bo‘yicha o‘quv maqsadlari. Bu maqsadlar odatda davlat talim standartlarida o‘z aksini topadi va qonuniy hujjat hisoblanadi. Ular ta’lim jarayoniga qo‘yilgan umumiy talablarni aniqlaydi va uning umumiy yo‘nalishini belgilab beradi.
UMUMIY MAQSADLAR. Umumiy maqsadlar kichikroq ko‘lamdagi ta’lim jarayonlariga taalluqli bo‘lib, uning mazmuni yo‘naltiruvchi maqsadlardan kelib chiqadi. Masalan, biror fan bo‘yicha o‘quv maqsadlari. Umumiy maqsadlar ham har bir fan bo‘yicha tuzilgan davlat ta’lim standartlari ko‘rinishida belgilanishi mumkin. Umumiy maqsadlar yo‘naltiruvchi maqsadlarni o‘z qamrov ko‘lami darajasida oydinlashtiradi va aniqlashtiradi. Shunday bo‘lsada, umumiy maqsadlar ham ta’lim oluvchi egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka va hulq haqida umumiy tasavvurni beradi. U ham o‘z navbatida pastki ko‘lamda yanada aniqlashtirilishi va oydinlashtirilishi lozim bo‘ladi.
ANIQ MAQSADLAR. Aniq maqsadlar eng kichik ko‘lamdagi ta’lim jarayoniga taalluqli bo‘lib, uning mazmuni o‘z navbatida umumiy maqsadlardan kelib chiqadi. Masalan, biror bir darsning maqsadi, fanni biror bo‘limining o‘quv maqsadi. Aniq maqsadlar aniq ifoda etilganligi tufayli ta’lim jarayonida muhim o‘rin tutadi. Ular biror bir mavzuga yoki biror bir bo‘limga oid dars, amaliy mashg‘ulot bo‘yicha o‘lchanishi mumkin bo‘lgan aniq yakuniy bilim, ko‘nikma, malaka va xulqni ifodalaydi. Shuning uchun ularni ifodalashda, maqsadlar bilan birga, ularga erishish ko‘rsatkichlarini, baholash mezonlarini va bu natijalarga erishish uchun yaratilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar (asbob-uskunalar, materiallar va boshqa zaruriy vositalar) tavsifini berish ham lozim bo‘ladi. Aniq maqsadlar odatda ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ustalari tomonidan ishlab chiqiladi. Shuningdek, bu maqsadlar yuqorida turgan mutasaddi ta’lim muassasalari, ilmiy-metodik kengashlar tomonidan ishlab chiqilishi va amaliyotga tadbiq qilinishi mumkin.
manba: multimedia.uz |