Umumiy o‘rta ta'lim tizimidagi islohotlar o‘quvchilarga sifatli bilim berish bilan birga hayotiy kompetensiyalarini rivojlantirishni ham nazarda tutadi. Yangi davlat ta'lim standartlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etishda shu jihatga alohida e'tibor qaratilmoqda. Aytish joizki, bu boradagi ishlar samaradorligi, avvalo, maktab jamoasi, ta'lim boshqaruvi tizimi va pedagogika fanini bog‘lovchi bo‘g‘in — metodik xizmatning qay darajada yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq.
Ta'lim sifatini yuksaltirishda o‘qituvchi-pedagoglarning kasbiy mahorati va bilimidagi bo‘shliqlarni muntazam to‘ldirib boruvchi, faoliyatiga ijodiy yondashuvni rivojlantiruvchi metodik muhitni yaratish muhim ahamiyatga ega. Ammo ayrim hududiy xalq ta'limi boshqaruvi muassasalarida metodik ishlar namunali tashkil etilmagani tufayli so‘nggi yillarda metodik xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar kutilganidek natija berayotgani yo‘q. Bu esa o‘quvchilarning davlat ta'lim standartlarini o‘zlashtirishida bo‘shliqlar hosil bo‘lishiga olib keladi.
Metodik xizmat sifati metodistlarning salohiyatiga, metodik mahsulotlar bilan ta'minlanganlik darajasi va yaratilgan shart-sharoitlarga ham bevosita bog‘liq. Metodik ta'minot va xizmat sohasida yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, kadrlar salohiyatini oshirish orqali umumiy o‘rta ta'limni rivojlantirish maqsadida Respublika ta'lim markazi mutaxassislari UNISEF xalqaro bolalar tashkiloti hamkorligida “Shaxsga yo‘naltirilgan metodik xizmatni tashkil etish modeli” loyihasi ustida ish olib bormoqda.
Loyiha doirasida bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarda fanlarni o‘zlashtirishga motivatsiyani kuchaytirish, 2013-2014-o‘quv yili yakunlari bo‘yicha aniqlangan reyting ko‘rsatkichiga ko‘ra metodik yordamga ehtiyoji bor deb hisoblangan Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 55 ta tumanda maktab o‘qituvchilarining kasbiy qiyinchiliklari va metodik ehtiyojlari tashxisiga asoslangan metodik xizmatning yangi shakllarini joriy etish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, umumta'lim maktablari uchun inklyuziv ta'limga oid maxsus adabiyotlar, metodik mahsulotlar ishlab chiqish hamda yetkazib berish, uzoq va chekka hududlarda joylashgan kam komplektli maktab o‘qituvchilarining metodik ta'minotini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 27-30-yanvar va 3-4-fevral kunlari Respublika ta'lim markazi mutaxassislari uchun tashkil etilgan “Metodik xizmat ko‘rsatishning yangi shakllarini modellashtirish” mavzusidagi o‘quv-seminarlarga markazning 90 nafar mutaxassisi jalb etildi. Tadbir davomida Respublika ta'lim markazi va UNISEFning mahoratli mutaxassis-trenerlarining “Davlat ta'lim standartlarini o‘zlashtirishga salbiy ta'sir etuvchi omillar”, “Samarali maktab”, “Ta'lim sifati ko‘rsatkichlari parametr va indikatorlarini optimallashtirish”, “Ta'lim dasturini o‘zlashtirishdagi maktablararo nomutanosiblikni qisqartirish uchun men nima qilaman?”, “Metodist kim va metodistlar mahoratini aniqlash” kabi mavzulardagi ma'ruza-taqdimotlari tinglandi. O‘qitishning innovatsion metodlari va axborot-kommunikasiya vositalaridan foydalanib tashkil qilingan mashg‘ulotlar ishtirokchilarning ijodiy bellashuviga aylanib ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Metodik xizmat va metodistning ta'lim sifat-samadorligini oshirishdagi o‘rni, shu yo‘nalishdagi boshqa dolzarb masalalar to‘g‘risidagi qizg‘in bahs-munozaralar o‘quvning yanada jonli o‘tishini ta'minladi. Guruhlarga bo‘linib o‘tkazilgan treninglarda masalaga o‘ziga xos yondashuvlar tufayli jo‘shqin pedagogik muhit hosil qilindi.
Mahorat ustaxonasiga aylangan seminarda metodistlar o‘qituvchilar uchun samarali metodik yordamni tashkil etishning yangi shakllari va modelini yaratishga intildilar. Metodistlarning kasbiy kompetentliligini oshirishga qaratilgan bunday tadbirlar kelgusida o‘z samarasini berishiga ishonamiz.
Mehriniso PARDAYEVA,
Respublika ta'lim markazi direktorining o‘rinbosar