O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING F A R M O N I
“ZULFIYA” NOMIDAGI DAVLAT MUKOFOTINI TA`SIS ETISh BO`YIChA TAKLIFLARNI QO`LLAB-QUVVATLASh TO`G`RISIDA
Ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko`rsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi bo`lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o`rnini yana bir bor e'tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san'at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol g`oyalari va madaniy-ma'naviy qadriyatlarga e'tiqodining yuksalishi yo`lidagi ibratli faoliyati, keng ko`lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag`batlantirish maqsadida:
1. O`zbekiston xotin-qizlar Qo`mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, "Ma'naviyat va ma'rifat" jamoatchilik markazi, Yozuvchilar, Bastakorlar, Me'morlar uyushmalari, "Oltin meros", "Kamolot", "Umid", "Ulug`bek", "Navro`z" jamg`armalari va keng jamoatchilikning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta'sis etish bo`yicha takliflari ma'qullansin. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar vakilalariga bittadan har yili Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida berish maqsadga muvofiq deb topilsin.
2. Belgilab qo`yilsinki: Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti maktab, litsey, kollej va oliy o`quv yurtlarida a'lo xulqi, zukkoligi, donoligi, tashabbuskorligi, o`qishdagi muvaffaqiyatlari bilan alohida iste'dodini namoyon qilib ta'lim olayotgan, istiqlol g`oyalarini amalga oshirish yo`lida astoydil mehnat qilayotgan iqtidorli qizlarga adabiyot, madaniyat, san'at, fan, ta'lim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun beriladi; Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida tayinlanadi; Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohi6alari bo`lgan maktab, litsey, kollej o`quvchilari tanlagan yo`nalishlari bo`yicha oliy o`quv yurtlariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadilar.
3. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining O`zbekiston xotin-qizlar Qo`mitasi tomonidan Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, "Ma'naviyat va ma'rifat" jamoatchilik markazi va boshqa tegishli jamoat tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan ko`krak nishoni hamda diplomi namunasi tasdiqlansin.
4. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti to`g`risidagi Nizom 1-ilovaga, mukofot komissiyasi to`g`risidagi Nizom 2-ilovaga va komissiya tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi O`zbekiston xotin-qizlar Qo`mitasi qoshida jamoatchilik asosida faoliyat ko`rsatishi va unga qo`mita raisi rahbarlik qilishi belgilab qo`yilsin.
6. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Davlat mukofoti berish, ko`krak nishoni va diplomini tayyorlash uchun O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasiga davlat byudjetidan tegishli mablag` ajratsin.
7. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti mukofot komissiyasi keng jamoatchilik fikrini atroflicha o`rganib, talabgorlar faoliyatini har tomonlama muhokama qilib chiqargan xulosalari asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan berilishi belgilab qo`yilsin.
8. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining o`rinbosari D. G`ulomova zimmasiga yuklatilsin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
I.KARIMOV
2006.02.02
PF-3717-son |