Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 140-sonli va 2017-yil 6-apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli qarorlariga muvofiq, shu yil 27-iyulda Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining I-XI sinflari uchun 2018-2019-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 191-sonli buyrug‘i qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 2018-2019-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja tasdiqlandi.
Buyruqqa asosan 2018-2019 o‘quv yilida 2- va 6- (6-sinfda faqat chet tili) hamda 11-sinflarda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6 apreldagi 187-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq tuzilgan o‘quv dasturlari amaliyotga joriy etilishi belgilandi. Respublika ta’lim markaziga xalq ta’limi hududiy boshqaruv idoralari bilan hamkorlikda tayanch o‘quv reja va uning ijrosi bilan bog‘liq hujjatlarning mazmun-mohiyatini avgust kengashlarida va bevosita pedagogik jamoalarda keng tushuntirish ishlarini tashkil qilish vazifalari topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tayanch o‘quv reja va tushuntirish xatida belgilangan vazifalar ijrosi 2018-2019 o‘quv yili davomida umumta’lim maktablarida to‘liq bajarilishini ta’minlaydi.
Mazkur buyruq qabul qilingani munosabati munosabati bilan Xalq ta’limi vazirining 2017-yil 16-maydagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2017-2018-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 165-sonli buyrug‘i o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. |