Bugun respublikamizdagi barcha umumta'lim maktablarida “Xayr, maktab – salom, kollej!” tadbirlari “Zamonaviy bilimlar bilan zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lamiz” shiori ostida o‘tkazildi.
Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan mazkur tadbirlar bitiruvchilarni ta'limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olishga yo‘naltirildi va unda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, maktabning sobiq bitiruvchilari va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirok etishdi.
O‘z qobiliyati va iqtidori bilan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, turli sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallab, ustozlari va ota-onalar ishonchini oqlagan o‘quvchilar alohida taqdirlandi. Shuningdek, “Eng ibratli o‘quvchi”, “Eng faol o‘quvchi”, “Ijodkor o‘quvchi”, “Yosh ixtirochi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter ustasi”, “Eng orasta qiz” kabi nominatsiyalar bo‘yicha iqtidorli va namunali o‘quvchilar aniqlandi.
Tadbir nihoyasiga yetgach, barcha maktab bitiruvchilari o‘z qiziqishi bo‘yicha tanlagan akademik-litsey va kasb-hunar kollejiga ota-onalari bilan birga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Ma'lumot uchun, 2015-2016-o‘quv yili davomida umumta'lim maktablarining 9-sinfini 476 ming 616 nafar o‘quvchi tamomlamoqda.
“Xayr, maktab – salom, kollej!” tadbirlariga bag‘ishlangan press-reliz bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Xalq ta'limi vazirligi
Axborot xizmati
|