Toshkent viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Boshlang‘ich ta’limni takomillashtirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bilim berishning sifat va samaradorligini oshirish borasida yangicha usul va vositalardan foydalanishni yaxshilash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi malaka oshirish institutlari xodimlari, professor-o‘qituvchilar va metodistlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, ularni zamon talablari darajasida jihozlash, yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va boshlang‘ich ta’lim sifatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim tizimi hamkorligini rivojlantirish, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining kasb mahoratini oshirish, bolalarni darsga keng jalb etish va dars jarayonida faol ishtirokini ta’minlashning yangicha usullari haqida ma’ruzalar tinglandi.
– “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim tizimida oila – maktab hamkorligi” mavzusida ma’ruza qildim, – deydi navoiylik Pardagul Jo‘rayeva. – Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan hamkasblarimning ishi, ular tomonidan taqdim etilgan o‘qitishning yangicha usullari menga manzur bo‘ldi. Barchamiz o‘zaro tajriba almashish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldik. Bu yerda olgan ko‘nikmalar faoliyatimda juda asqotadi.
Yaratilayotgan darsliklar saviyasi, ularni o‘qitishda yuzaga kelayotgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.