Seshanba, 24.12.2024, 05:06
emblemaParkent tuman XTB tasarrufidagi 26-umumiy o'rta ta'lim maktabi
Saytga kirish Гость | Gurux "Гости" | RSS
Bosh profil Chiqish
Sayt menyusi

Xozir saytda

Jami onlineda: 3
Mehmonlar: 3
Foydalanuvchilar: 0

Valyutalar kursi
O'zbek so'mi Узбекский сум валюта Узбекистана
(RUB)//-//
(EUR)//-//
(USD)//-//
Главная » 2017 » Oktabr » 1 » Prezident tabrigi
19:40
Prezident tabrigi

Qadrli va muhtaram ustozlar!



Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulug‘lab kelayotgan yurtimizdagi barcha insonlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun ushbu qutlug‘ ayyomni mamlakatimizda keng nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, bizga harf o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta’zim qilamiz.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning olijanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.

Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoiy kasb egalaridir.

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ygan hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi avvalo ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqyosida raqobatdosh bo‘la olishimiz bilan uzviy bog‘liq, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayni shu maqsadda o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bevosita ta’lim-tarbiya sohasiga daxldor bo‘lgan 74 ta farmoni, qaror va farmoyishi qabul qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Albatta, soha rivojiga yuksak e’tibor natijasi bo‘lgan bu hujjatlarni hayotga samarali joriy qilish, ularga bamisoli jon baxsh etishda biz avvalo siz, aziz o‘qituvchi va murabbiylarga, sizlarning bilim va tajribangiz, iste’dod va mahoratingizga suyanamiz.

Bugungi kunda biz zamon talabi va xalqimizning xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, ta’lim tizimida ulkan islohotlarni amalga oshirishga kirishdik. Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 11 yillik tizimga o‘tish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, 5 ta yangi oliy ta’lim muassasasi va filiallar tashkil etish, 16 ta universitet va institutda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha kechki va sirtqi bo‘limlar ochish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatish, pedagog kadrlar va xalq ta’limi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tatbiq etilayotgan, uzoqni ko‘zlagan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini siz, hurmatli ustoz va murabbiylar, albatta, hammadan ko‘ra yaxshi tushunasiz.

Ana shu ishlarimizning davomi sifatida shu kunlarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati, “Astronomiya va aeronavtika” bog‘i tashkil etilayotgani, hech shubhasiz, mamlakatimizda ta’lim sifatini jahon standartlari darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli Vebster universitetining filiali ochilishi ham ilm-fan va ta’lim sohasida ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsiyalarni joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Ayni vaqtda biz ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab dolzarb vazifalar turganini yaxshi anglaymiz va ularning yechimi ustida doimiy ish olib boramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Bugungi kunda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hayot oldimizga qo‘yayotgan bir-biridan murakkab va muhim masalalarni hal qilish haqida o‘ylar ekanmiz, ularning yechimi aynan ta’lim-tarbiya bilan, yoshlarning dunyoqarashini zamonaviy bilim, yuksak ma’naviyat va ma’rifat asosida shakllantirish bilan bog‘liq ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Jumladan, butun insoniyatni tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm kabi balo-qazolarni bartaraf etishda  faqat ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklanmasdan, birinchi navbatda bu tahdidlarni keltirib chiqarayotgan sabablarga qarshi kurashish, yoshlarni ezgu insoniy ideallar ruhida kamol toptirish eng asosiy vazifaga aylanmoqda.

Aynan ana shunday yondashuv O‘zbekiston tomonidan nufuzli xalqaro sammitlarda, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan  72-sessiyasida alohida ta’kidlangani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Bu borada biz ilgari surayotgan “Jaholat va zo‘ravonlikka qarshi ma’rifat bilan kurashamiz” degan g‘oya va tashabbus xalqaro maydonda katta e’tibor va qiziqish uyg‘otmoqda hamda qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ishonchim komil, xalqimiz ziyolilarining ilg‘or vakillari bo‘lgan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, hayotda o‘zini oqlagan maktab, oila va mahalla hamkorligiga asoslangan ijtimoiy tizim samarasini oshirishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar.

Siz, azizlarning ana shu ezgu maqsadlarga erishish, inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli mehnatingizni munosib qadrlash uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga tayyormiz.

Sizlarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!
 


Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Просмотров: 572 | Добавил: Baxodir | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *:
Kirish uslubi

Saytdan izlash

Taqvim
«  Oktabr 2017  »
DuSeChPaJuShYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031

Arxiv

Foydali saytlar
  • ZIYONET
  • XTV sayti
  • Respublika ta'lim markazi
  • Axborot - ta'lim portali
  • Parkent tumani sayti
  • Hukumat portali
  • Bolalar kutubxonasi
  • Tashxis markazi


  • Copyright MyCorp © 2024 Бесплатный хостинг uCoz