O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
El-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saxovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi bo'lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma'naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o'rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o'zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug'lash maqsadida:
1. 2014 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 28 iyunь kuniga
to'g'ri kelishi haqidagi O'zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma'lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg'armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an'ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg'un va hamohang tarzda o'tkazish bilan bog'liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Mazkur tadbirlarni o'tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo'lgan insoniylik, ma'naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz aqidalarini e'zozlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas qadamjolarini obod etish borasida keng ko'lamli savob va targ'ibot ishlari tashkil qilinsin. Ushbu qutlug' oyda amalga oshiriladigan xayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo'yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilsin.
3. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o'tkazish bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri,
2014 yil 24 iyunь
|