Yurtimiz aholisining asosiy qismi yoshlar. Ularning har tomonlama puxta bilim olishi, jismonan va ma'nan sog'lom o'sishi har birimizga, ayniqsa, ta'lim sohasi xodimlariga katta mas'uliyat yuklaydi. Farzandlarimizning bekamu ko‘st voyaga yetishi uchun barcha shart-sharoit, imkoniyatlar yaratilgan. Shuning uchun ham ular ota-onalari, ustozlari faxrlanadigan muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritishmoqda. Bu kabi yutuqlar zamirida bevosita ta'lim sohasida mehnat qilayotgan pedagoglar sa'y-harakati mujassam.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida pedagoglar zimmasiga yuklatiladigan vazifalar aslo kam bo'lmaydi. Qabul qilinadigan davlat dasturida barcha ta'lim muassasalarining o'quvchilar, pedagoglar jamoasi hamda ko'p sonli ota-onalar bilan olib boradigan keng ko'lamdagi ishlari belgilanadi. Xususan, o'quvchilarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida faoliyat yuritayotgan respublikamizdagi barcha “Barkamol avlod” bolalar markazlari bu masalaga ko'proq e'tibor qaratadi.
“Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyoti markazida bu masala doimiy kun tartibida turadi. Yon-atrofimizdagi va markaz hududidagi umumta'lim maktablari doimiy hamkorimizga aylangan. Joriy 2016-2017-o'quv yilida o'quvchilarning maktabdan tashqari bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali ularni qiziqishlari bo'yicha kasb-hunarga yo'naltirish maqsadida to'garaklar turini 36 tadan 58 taga ko'paytirdik. Bu borada farzandi taqdiriga befarq bo'lmagan ota-onalar bilan bamaslahat ish yuritdik.
Markazimizda ota-onalar uchun maslahatxona tashkil etilganligi farzandining bo'sh vaqti mazmunli o'tishini istagan ota-onalar uchun ayni muddao bo'ldi. Maslahatxonada ota-ona murabbiylar bilan suhbatlashadi, takliflar beradi. O'z navbatida, to'garak rahbarlari farzandining murabbiyi sifatida ota-onalarga zarur tavsiyalar beradi va bu hamkorlik samarasiz ketmaydi. O'zaro muloqot natijasida o'quv yili boshidan buyon maslahatxonaga murojaat qilgan 300 nafar ota-onaning farzandi qiziqishiga qarab to'garaklarga jalb qilindi. Ota-onalar mashg'ulot jarayonini bevosita kuzatib, farzandi iqtidorini rivojlantirishda to'garak rahbariga yordam berishlari uchun imkon yaratilgan. Shunday qilinsa, bola iste'dodining yangi-yangi qirralari ochiladi. Qolaversa, pedagog va ota-ona o'rtasidagi o'zaro muloqot hamisha o'z mevasini beradi.
“Barkamol avlod” bolalar markazlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg'ulot sifatini yaxshilash maqsadida 2016-yilning dekabr oyida Xalq ta'limi vazirligining tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishuviga muvofiq, maktabdan tashqari ta'lim muassasalarini jihozlash me'yorlari tasdiqlandi. Endilikda buning ijrosini ta'minlashga kirishildi. Ayniqsa, badiiy ijodiyot yo'nalishidagi 24 ta to'garakning o'quv ko'rgazmali vositalar bilan ta'minlangani nafaqat pedagoglar, balki o'quvchilarga ham keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Yangi yilda o'quvchilarni “Barkamol avlod” bolalar markazlariga yanada ko'proq jalb qilish asosiy vazifamiz. Chekka hududlardagi maktablarni qamrab olish uchun ko'chma to'garaklar ochilib, o'quvchilar va ota-onalar manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Maktabdan tashqari ta'lim muassasalari faoliyatida talab va taklifni o'rganib, shunga muvofiq ish yuritilsa, o'ylaymanki, o'zaro hamkorlik yanada mustahkamlanadi.
XTV saytidan Doniyor ERMATOV,
“Barkamol avlod” respublika bolalar
badiiy ijodiyoti markazi direktori
|