O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis Markazi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi bilan hamkorlikda Xalqaro logopedlar kuniga bag'ishlab o'quv-amaliy seminari o'tkazildi.
O'quv-amaliy seminari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi o'qituvchi-logopedlar uchun mo'ljallab tashkil etilib, unda O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis Markazi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi mutaxassislari ishtirok etishdi.
O'qituvchi-logopedlar faoliyati nutqida nuqsoni bo'lgan bola hayotida muhim ahamiyatga ega. Zero, logopediyaning asosiy maqsadi nutqida nuqsoni bor shaxslarni o'qitish, tarbiyalash va qayta tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqish, shuningdek, maxsus ta'lim orqali nutq nuqsonining oldini olishdan iboratdir. Nutqni korrektsiyalash asosida, logopedlar bolaga insoniy muloqot erkinligi, jamiyat hayotida faol ishtirok etish, maktabda muvaffaqiyatli o'qish va rivojlanish erkinligini ta'minlaydi.
Seminar davomida umumiy o'rta ta'lim muassasasi qoshidagi logopediya shohobchasi to'g'risidagi Nizom talablariga ko'ra, og'ir nutq kamchiligiga ega bo'lgan boshlang'ich sinf o'quvchilari bilan ishlarni tashkil etishda noan'anaviy texnologiyalar, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda fonematik nutq kamchiliklarini bartaraf etish texnologiyalari, boshlang'ich sinf o'quvchilarida nutq buzilishlarini bartaraf etishda korrektsion-logopedik ish tizimini rivojlantirish yuzasidan ma'ruzalar tinglandi.
O'quv-seminarda 300 nafarga yaqin logopedlar ishtirok etdilar. Seminar yakunida sohaga oid tavsiyalar qabul qilindi hamda tajribali, ilg'or logopedlarning bir guruhi fahriy yorliqlar bilan mukofotlandilar. |