Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garak a'zolari o‘rtasida “Bolalarning texnik ijodkorligi” festival-tanlovi o‘tkazildi.
"Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi doirasida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ushbu markazlar faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish yuzasidan turkum loyihalar, ijodiy tanlovlar, festivallar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ilk marta o‘tkazilgan "Bolalarning texnik ijodkorligi" festivali shunday tadbirlar sirasidandir. Festival-tanlovdan ko‘zlangan maqsad bolalarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishini yanada rivojlantirish, texnik ijodkorligini rag‘batlantirishdan iboratdir.
Mazkur tanlov Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda 2016-yil sentabr-oktabr oylarida o‘tkazildi.
“Bolalarning texnik ijodkorligi” festival-tanlovi 2 bosqichda, 7 ta yo‘nalishda (avtomodel, avia-raketamodel, kemasozlik, robototexnika, elektron o‘yinchoqlar, fotohavaskorlik hamda radiotexnika, elektronika va aloqa) tashkil etilib, joriy yil 28-29-oktyabr kunlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida mazkur ijodiy loyihaning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. |