Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 5-iyun kuni Olmazor tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabida “2015-2016-o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan to‘liq ta’minlash choralari” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Unda xalq ta’limi tizimi mutasaddilari, o‘qituvchilar, maktab kutubxonalari xodimlari ishtirok etdi.
2015-2016-o‘quv yili uchun barcha umumta’lim maktablari ehtiyojidan kelib chiqqan holda, jami 454 nomda 25 million 708 ming nusxadan ortiq darslik va qo‘llanmalar chop etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda nashriyot va bosmaxonalar tomonidan nashr etilgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar qabul qilinib, joylarga yetkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 1-2-sinf chet tili darsliklarining mantiqiy davomi sifatida yangi o‘quv yiliga 3-sinf o‘quvchilari uchun mualliflar guruhi tomonidan chet tillaridan davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi asosida darslik, mashq daftari, o‘qituvchi kitobi, mulьtimedia ilovalari ishlab chiqilib, nashriyotlar va bosmaxonalar tomonidan chop etilmoqda.
Tadbirda maktab kutubxonasi jamg‘armasidagi mavjud darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalarni xatlovdan o‘tkazish, umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darslik bilan to‘liq ta’minlash borasidagi vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Ma’lumot uchun, joriy yildan 1-sinf o‘quvchilari uchun “Mehnat ta’limi”, 4-sinflar uchun “Mehnat ta’limi”, “Tasviriy san’at”, 5-sinflarda “Mehnat ta’limi”, “Tasviriy san’at” va “Musiqa” fanlaridan darsliklar ijara tizimiga kiritildi. Bu esa ota-onalarga yanada qulaylik tug‘diradi. Shuningdek, 5-sinflar uchun “Jismoniy tarbiya” darsligi maktab kutubxonasi fondi uchun 15% miqdorda bepul foydalanish uchun yetkazib berildi.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati
|