Buyuk ajdodlarga munosib vorislar Mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 15-16-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasi katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Prezidentimiz ma’ruzasida O‘rta asrlarda Sharq olamida yashab ijod etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosi chuqur tahlil qilinib, zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi o‘rni va roliga munosib baho berildi. XV asrda Samarqandda shakllangan Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabida matematika, astronomiya, fizika, tarix, falsafa va adabiyot kabi fanlar yuksak darajada ravnaq topgan. Borliq va insonni anglash borasida yangi-yangi kashfiyotlar yaratilgan. Sharqning ulug‘ allomalari tomonidan amalga oshirilgan mazkur olamshumul kashfiyotlar bugungi taraqqiyot uchun naqadar muhim ekanini ochib berish, bebaho ilmiy merosni yanada teran tadqiq etish va ommalashtirish, yosh avlodni har tomonlama barkamol, buyuk ajdodlarimizdan faxrlanish ruhida tarbiyalash bugun har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi ma’ruzasini mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini yoshlar ongi va qalbiga chuqur singdirish farzandlarimizni ulug‘ ajdodlarimizga munosib bo‘lishga, yurtimizda har tomonlama rivojlanish, yuksak marralarni zabt etish uchun yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalanishga ruhlantiradi. Davlatimiz rahbarining ma’ruzasini umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy o‘quv yurtlari talabalariga o‘qitish uchun maxsus fakultativ darslar rejasi ishlab chiqilib, tegishli o‘quv dasturlari va metodik tavsiyalar barcha ta’lim dargohlariga yetkazildi hamda elektron shakli ta’lim vazirliklarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirildi. Barcha ta’lim maskanlarida “Mustaqillik darslari”da ushbu mashg‘ulotlarga taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilar, soha mutaxassislari jalb etildi. Mazkur darslarda mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, tanlagan taraqqiyot yo‘limiz, yangi demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida erishayotgan yutuq va marralarimizning ahamiyatini yosh avlodga ta’sirchan misollar bilan yetkazish, ularning qadr-qimmatini chuqur anglatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. – Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan, insonni kamolotga chorlaydigan ezgu ta’limotlar bilan yovuz g‘oyalar o‘rtasidagi kurash keskinlashgan bugungi zamonda yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini ajdodlardan meros umuminsoniy g‘oyalar bilan qondirish, ularni yuksak tafakkur sohiblari etib tarbiyalash har qachongidan dolzarb bo‘lib bormoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari Qahramon Quronboyev. – Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida bayon etilgan fikrlar o‘sib kelayotgan yoshlarni qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini yanada chuqur anglashga, ular bilan g‘ururlanishga, g‘ururlanibgina qolmay, ularga munosib bo‘lishga undaydi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida bugungi kunda eng ko‘p talab qilinadigan va o‘zini eng ko‘p oqlaydigan sarmoya – bu inson kapitaliga yo‘naltirilgan sarmoya ekanini ta’kidlarkan, mamlakatimizda o‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashiga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Davlatimiz rahbari ma’ruzasida qayd etilganidek, o‘zining tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylashga, boyitish va ko‘paytirishga, shuningdek, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga yetarlicha e’tibor qaratmaydigan, har tomonlama uyg‘un rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, o‘z qarash va yondashuviga, grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxsni kamol toptirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymaydigan davlat va jamiyat tarix va taraqqiyot yo‘lidan chetda qolib ketishga majbur. – Biz har tomonlama barkamol kamol topish uchun barcha sharoitlar yaratilgan ozod va obod yurt farzandi ekanimizdan g‘ururlanamiz, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Hamida Usmonova. – Yurtboshimiz xalqaro konferensiyada ta’lim tizimidagi islohotlar berayotgan yuksak samaralar haqida faxr bilan so‘z yuritdi. “Mustaqillik darsi”da mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan ishlar, yoshlarga oid davlat siyosatining mohiyati, dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz haqida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu ko‘ksimizni faxr-iftixorga to‘ldirish bilan birga bizni yanada faol, ulug‘ ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishga, barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarga o‘z hissamizni qo‘shishga ruhlantiradi. |