14 fevral – shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud topgan kunlari. Bu sana har yili yurtimizda keng nishonlanadi. Qandaydir "Sevishganlar kuni” nishonlanadigan sana emas. Ma’lumki, "Sevishganlar kuni” deb ataladigan behayolik bayramida yoshlar bir-birlariga turli sovg‘a-salomlar, sevgi izhorlari bitilgan maktublar yuboradilar. Keyin esa o‘zlaricha turli kechalar, shou-dasturlar uyushtiradilar. Buning natijasida ko‘ngilsizliklarning sababchisi bo‘lib qoladilar. Shunday ekan, bu kunni milliy mentalitetimiz va ma’naviyatimizga yod bo‘lgan "Sevishganlar kuni” sifatida emas, Hindiston zamirida turib o‘z Vatanini madh etgan, ulug‘lagan, insoniyat tarixida muhim o‘rinni egallagan buyuk bobomiz Bobur hazratlarining tug‘ilgan kunlari sifatida keng nishonlashimiz kerak.
Shu bilan birgalikda Bobur Mirzoning asarlarida bitilgan ilm xazinalarini , topilgan xazinalardan tengdoshlarimizga ham baham ko‘rishimiz lozim. Zero, uning barakali ijodini qancha o‘rgansak, shuncha ko‘p bilimga ega bo‘lamiz.
Bobur hayoti va ijodi haqida yoshligimizdan o‘qib o‘rganib kelamiz. Asarlarida Vatanga bo‘lgan muhabbat, do‘stga sadoqat, adolatlilik, axloqiy, diniy, ijtimoiy masalalar chuqur yoritilgan. "Boburnoma” asari bizga tarix zarvaraqlarini kaftdek namoyon etib, turli ilmlar haqida qimmatli ma’lumotlar bersa, shoir tomonidan yaratilgan boshqa asarlarda ma’naviy-axloqiy masalalar pand-nasihat tarzida bayon etilgan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng donishmand bobolarimiz tomonidan yaratilgan buyuk ma’naviy merosni asl holicha o‘rganish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, mustaqillikkacha Bobur Mirzoning "Mubayyin” asari adabiyotshunos olimlar tomonidan kam o‘rganilgan. Buning sababini barcha kitobxonlar yaxshi bilishadi, deb o‘ylaymiz.
"Mubayyin” asari o‘tmishimizning boy ma’naviy merosi bilan hur xalqimizning barkamollik yo‘lidagi sa’y-harakatlari, ayniqsa, yosh avlodni tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi. U besh qismdan iborat bo‘lib, birinchisi "E’tiqodiya”, ikkinchisi "Kitob us-salot”, uchinchisi "Kitob uz-zakot”, to‘rtinchisi "Kitob us-savm” va beshinchisi "Kitob ul-haj” deb ataladi. U o‘zbek tilida yaratilgan e’tiborli asarlar turkumiga kirgan bo‘lib, o‘zbek tilining shirasi va boyligini to‘laligicha aks ettiradigan diniy va badiiy adabiyotning yorqin namunasi hisoblanadi.