Toshkent viloyatida umumta’lim maktablari pedagog xodimlarining kasb mahorati va madaniyatini yuksaltirish, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim tizimi rahbarlari mas’uliyati, tashabbuskorligini yanada oshirishga bag‘ishlangan avgust kengashlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishlarda maktab rahbarlari, kutubxonachi, maktabdan tashqari va maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari hamda tuman va shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari, turli fan uslubchilari, o‘qituvchilar qatnashayotir.
Unda o‘qituvchilar 2013/2014 o‘quv yili yakuni bo‘yicha ta’lim sifati monitoringi, fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvida o‘quvchilarning bilimlarida aniqlangan kamchiliklar, o‘zlashtirish lozim bo‘lgan mavzular, 2014/2015 o‘quv yili uchun yaratilgan darsliklar va ularga kiritilgan o‘zgartishlar bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda.
– «Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!» shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu yig‘ilishlarda asosiy e’tibor dars jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish, o‘qituvchi-murabbiylarning kasb mahoratini oshirishga qaratilmoqda, – deydi Toshkent viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti prorektori Nilufar Yo‘ldosheva.